8-oktabr kuni Bloom Arch Studio jamoasi xalqaro arxitektura va dizayn kompaniyasi Benoy vakillari bilan uchrashdi. Arxitektura, bosh rejalarni ishlab chiqish, shahar dizayni va landshaft arxitekturasi yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi kompaniya nomidan uchrashuvda Benoyning landshaft arxitekturasi bo‘yicha direktori Angus Palmer hamda assotsiatsiyalashgan direktori Nina Kolbek ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Bloom Arch Studio jamoasi yakunlangan bir nechta loyihasini taqdim etib, ularning asosiy konsepsiyalari, loyiha g‘oyalari va arxitektura yechimlari haqida ma’lumot berdi. Taqdimot Benoy vakillariga studiyaning amalga oshirgan ishlari va loyihalashga bo‘lgan yondashuvi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
O‘z navbatida, Benoy vakillari xalqaro loyihalardagi tajribasi va loyihalash amaliyotiga oid qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Suhbat davomida arxitektura, bosh rejalarni ishlab chiqish va shahar muhitini rivojlantirishga oid turli yondashuvlar haqida fikr almashildi. Uchrashuv ikki jamoaga o‘z tajribasini baham ko‘rish va arxitektura hamda shahar makonlarini loyihalash masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.
Benoy O‘zbekistonda ham bir qator loyihalar ustida ishlagan.Ular orasida Chirchiq daryosi bo‘yidagi hududni rivojlantirish, Tashkent New City uchun landshaft konsepsiyasi va The Ritz-Carlton mehmonxonasi loyihasi bor. Shuningdek, kompaniya Istiqlol san’at saroyini yangilash va uning atrofida yangi madaniy hudud tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqqan.
Bloom Arch Studio uchun xalqaro arxitektura hamjamiyati vakillari bilan bunday uchrashuvlar turli loyihalash yondashuvlari bilan tanishish va kasbiy tajriba almashish uchun muhim ahamiyatga ega.Benoy jamoasiga uchrashuv va o‘zaro fikr almashish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiramiz.